Janubiy Koreyaning kichik bir shaharchasida so‘nggi 17 yil ichida ilk bor chaqaloq tug‘ildi. Bu voqea mahalliy aholi uchun katta quvonchga sabab bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, Xonsong hududidagi Inha-myon tumanida 19-mart kuni o‘g‘il bola dunyoga kelgan. Chaqaloq mahalliy fuqaro va Kambodjadan kelgan ayol oilasida tug‘ilgan.
Yangi tug‘ilgan chaqaloq sharafiga shaharchaning markaziy ko‘chasiga maxsus tabrik banneri o‘rnatilgan. Mahalliy hokimiyat bu voqeani aholisi kamayib borayotgan hudud uchun “alohida sovg‘a” sifatida baholagan.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda shaharcha aholisi soni sezilarli darajada kamaygan. Shu bilan birga, hududdagi yagona maktabga yana to‘rt nafar o‘quvchi qabul qilinib, jami o‘quvchilar soni 17 nafarga yetgani ham ijobiy o‘zgarish sifatida qayd etilgan.
Mutasaddilar endilikda oilalarni qo‘llab-quvvatlash va hududni yashash uchun yanada jozibador qilish choralarini kuchaytirishni rejalashtirmoqda.



















