Frozen (“Muzyurak”) multfilmining uchinchi qismi atrofida yangi qiziqarli tafsilotlar paydo bo‘ldi. Muxlislarni eng ko‘p qiziqtirayotgan savol — Anna va Kristoffning to‘yi filmda ko‘rsatiladimi?
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yangi filmda aynan shu voqea syujetning muhim qismiga aylanishi mumkin. Chunki “Muzyurak 2” yakunida Kristoff Annaga turmush qurishni taklif qilgan edi va muxlislar uzoq vaqtdan beri ularning to‘yini kutmoqda.
Shuningdek, Disney’ning maxsus loyihalaridan birida bu taxminlar deyarli tasdiqlangandek bo‘lgan. Ijodiy jamoa vakillarining ishoralari va intervyularida ham Arendelle shahridagi katta bayram, jumladan, to‘yga o‘xshash voqealar bo‘lishi mumkinligi aytilgan.
Bundan tashqari, filmda “Qor gullar festivali” kabi yirik tadbir ham muhim o‘rin egallashi kutilmoqda. Bu esa voqealar rivojiga yangi burilishlar olib kirishi mumkin.
Hozircha rasmiy tasdiq berilmagan bo‘lsa-da, Anna va Kristoff to‘yi “Muzyurak 3”ning eng esda qolarli sahnalaridan biriga aylanishi ehtimoli yuqori. Film premyerasi esa 2027-yil noyabriga rejalashtirilgan.



















