Afsonaviy aktrisa Merilin Monroga tegishli bo‘lgan noyob avtomobil kimoshdi savdosiga qo‘yildi.
Gap 1950-yilda ishlab chiqarilgan Mercedes-Benz 170 S haqida ketmoqda. Ushbu avtomobildan o‘z vaqtida Merilin Monro foydalangani aytilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil Buyuk Britaniyada o‘tkaziladigan auksionda sotuvga chiqarilgan. Uning boshlang‘ich narxi 120 mingdan 160 ming funt sterlinggacha (taxminan 161 ming — 215 ming dollar) baholanmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu model oddiy Mercedes avtomobillariga qaraganda ancha qimmat turadi. Bunga asosiy sabab — uning mashhur aktrisaga tegishli bo‘lgani hisoblanadi.
Avtomobil uzoq vaqt Gretsiyada saqlangan va dastlab uning Monroga aloqasi aniq bo‘lmagan. Keyinchalik esa aktrisaga tegishli ekanini tasdiqlovchi hujjatlar, jumladan sug‘urta qog‘ozlari va bosh harflari tushirilgan buyumlar topilgan.
Shuningdek, ma’lumotlarga ko‘ra, Merilin Monro 1956-yilda aynan shu avtomobilda Gretsiya bo‘ylab sayohat qilgan. Hozirda esa mashina restavratsiyadan o‘tkazilib, yaxshi holatda saqlanib qolgan.



















