Berlin shahri sayyohlar uchun yangi tashabbusni yo‘lga qo‘ymoqda. Endilikda tashrif buyuruvchilar ayrim foydali ishlar evaziga bepul bonuslar va hatto taomlarga ega bo‘lishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, “BerlinPay” nomli dastur doirasida sayyohlar ekologik va ijtimoiy foydali faoliyatlarda ishtirok etish orqali turli imtiyozlarga ega bo‘ladi. Masalan, shahar hududlarini tozalash, jamoat joylarini tartibga keltirish yoki ijtimoiy loyihalarda qatnashish shular jumlasidandir.
Buning evaziga esa ularga muzey va diqqatga sazovor joylarga bepul yoki chegirmali kirish, restoranlarda bepul taomlar hamda turli bonuslar taqdim etiladi.
Mazkur loyiha 2026-yil yozida ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, asosan shahar suv yo‘llari va atrof-muhitni tozalashga qaratiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu tashabbus sayyohlarni faqat tomoshabin emas, balki shahar hayotining faol ishtirokchisiga aylantirishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, Berlin ekologik muammolarni hal qilishda innovatsion yondashuvni sinab ko‘rmoqda.



















