Madaniyat va dam olish

Paris Jekson otasi haqidagi filmni tanqid qildi

Paris Jekson otasi — Maykl Jekson haqidagi “Maykl” biopik filmi yuzasidan salbiy fikr bildirdi.

28 yoshli aktrisa va model avvaliga loyiha haqida qisqa fikr bildirgan bo‘lsa, keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda filmga aloqasi yo‘qligini ochiq aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u faqat ssenariyning ilk qoralamasini o‘qib, ayrim noaniqliklar bo‘yicha fikr bildirgan, biroq ijodiy guruh bu mulohazalarni inobatga olmagan.

Filmda Jo Jekson rolini ijro etgan Kolman Domingo avvalroq Paris loyiha ustida ishlashda yordam berganini aytgandi. Biroq aktrisa bu gaplarni rad etdi.

“Men bu loyihada ishtirok etmaganman. Faqat dastlabki qoralamaga fikr bildirganman, xolos. Ular esa bunga quloq solmadi va men chetga chiqdim”, — deya yozgan u.

Keyinchalik Paris bu mavzuni yopishga qaror qilganini aytib, biografik filmlar ko‘pincha haqiqatdan yiroq bo‘lishini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday loyihalar Gollivud talqiniga asoslanadi va voqealar ko‘pincha bezab ko‘rsatiladi.

“Bu — xayolotlar olami. Unda noaniqliklar va ochiq-oydin yolg‘onlar bo‘lishi mumkin. Men esa halollikni afzal ko‘raman”, — deydi u.

Ma’lumot uchun, Paris Jekson 1998-yilda Los-Anjelesda tug‘ilgan. U mashhur qo‘shiqchining yagona qizi bo‘lib, bolaligidan murakkab sinovlarni boshdan kechirgan. Uning hayotida muhim o‘rin tutgan insonlardan biri esa aktyor Makoley Kalkin bo‘lib, u Parisning yaqin do‘sti va qo‘llab-quvvatlovchilaridan biri sanaladi.

Reaksinagiz qanday?

Tegishli Postlar

1 of 139

Javob qoldirish

Your email address will not be published. Required fields are marked *