Taniqli aktyor va rejissyor Azamat Ahrorov hamda uning turmush o‘rtog‘i Dilnoza Ahrorova YouTube’dagi “Ikkalamiz” ko‘rsatuviga bergan intervyusida oila qurish qarori, uni nega uzoq vaqt sir tutgani va hayotlaridagi qiyin davrlar haqida ochiq gapirdi.
“Fitnalardan qochish uchun nikohimizni yashirdik”
Azamat Ahrorovning aytishicha, uylanganini yashirish ortida jiddiy sabab bo‘lmagan, biroq bu qaror ma’lum ehtiyot chorasi sifatida qabul qilingan:
“Ijodni boshlaganimizda hali oila qurmagandik. Ko‘p muxlislar buni qabul qilmasligi mumkin edi. Atrofimda turli gap-so‘zlar, ortiqcha e’tibor ham ko‘p edi. Eng muhimi — sevgan insonimning fikrini buzishi mumkin bo‘lgan vaziyatlardan qochishni istadik. Shu sabab nikohimizni oshkor qilmaganmiz.”
Aktyor bu haqda ilk bor qiz farzandli bo‘lganidan keyin, rafiqasiga bag‘ishlab suratga olingan film premyerasida e’lon qilganini aytadi.

To‘y kuni yuz bergan mojaro
Juftlikning Xorazmda o‘tgan to‘yi kutilmagan voqea bilan esda qolgan:
“To‘yga 1500 dan ortiq mehmon kelgan edi. Mehmonlardan videolarni tarqatmaslikni iltimos qilganman. Ammo to‘yning ikkinchi qismida kutilmaganda janjal chiqib, pichoqbozlikka ham yetib bordi. 14 do‘stim bilan bitta Nexia’ga o‘tirib, to‘yni tashlab ketishga majbur bo‘lganmiz.”
Shu voqeadan keyin aktyor rafiqasini vaqtincha boshqa joyga olib ketgan va bu holat ham nikohni oshkor qilishni kechiktirgan.
Dilnoza Ahrorova: “Men uchun hayotim muhim edi”
Dilnoza Ahrorova turmush o‘rtog‘ining qarorini qo‘llab-quvvatlaganini shunday izohlaydi:
“Erimni hurmat qilganman, kasbini tushunganman. Odamlarning fikridan ko‘ra, o‘z hayotim men uchun muhim edi. Biz ko‘chada bemalol yurardik, faqat ommaga e’lon qilmaganmiz, xolos.”

Tanishuv: kastingdan boshlangan munosabat
Ularning tanishuvi kino orqali boshlangan:
“U kastingga kelganida tanishganmiz. Avval kichik rollar berdim. Keyin qarasam, yaxshi qiz ekan. Qo‘shiq aytishni ham xohlardi — hatto bir nechta qo‘shiqlar tayyorlab berdim.”
Keyinchalik Dilnozaga aktrisa bo‘lishni tavsiya qilgan va “Lolagulim” filmidan so‘ng ular turmush qurgan.
Rashk, janjallar va qaror nuqtasi
Dilnoza Ahrorovaning aytishicha, boshida turmush o‘rtog‘i atrofida qizlar ko‘p bo‘lgan:
“Hatto uyimizgacha kelishardi. Bizni urushtirishga harakat qilganlar ham bo‘lgan.”
Eng keskin vaziyat esa farzandi 6 oyligida yuz bergan:
“Shunda ultimatum qo‘ydim: yo siz to‘xtaysiz, yo men. Boshqa variant yo‘q.”
Shundan keyin oilaviy hayot barqarorlashgan.
“Qizim tug‘ilgach, hayotim o‘zgardi”
Azamat Ahrorov ham o‘zgarishlarini tan oladi:
“Qiz farzandli bo‘lganimdan keyin boshqacha o‘ylay boshladim. Sharmanda bo‘lishdan charchadim. Oila muhimligini tushundim.”

Qimor haqida ochiq tan olish
Aktyor o‘zining yagona yengilmayotgan odatini ham yashirmadi:
“Ichkilik, ayollar kabi odatlarni tashladim. Lekin qimordan hali to‘liq chiqolmadim. Bu bilan oila boqmayman, shunchaki o‘yin sifatida qarayman.”
U bolaligidan pulga o‘ynash odati bo‘lganini ham qo‘shimcha qildi.



















