Apple kompaniyasi sun’iy intellektga ega yangi avlod aqlli ko‘zoynak ustida ishlamoqda. Ushbu qurilma Meta Ray-Ban turidagi mahsulotlarga jiddiy raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar berdi.
MacRumors ma’lumotlariga ko‘ra, qurilmaning ilk versiyasi displeysiz bo‘ladi. Apple vizual interfeys o‘rniga ovozli boshqaruv va imo-ishoralarga tayanishni rejalashtirmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘zoynak ikkita kamera bilan jihozlanadi:
— birinchisi sifatli foto va video olish hamda ularni smartfon orqali tez ulashish uchun,
— ikkinchi keng burchakli kamera esa qo‘l harakatlarini aniqlab, Siri orqali boshqaruvni ta’minlaydi.

Bu esa imo-ishoralarni qurilmadan foydalanishning asosiy usuliga aylantiradi.
Apple minimalizm va energiya samaradorligiga urg‘u bermoqda. Shu sababli ilk modelda LiDAR, 3D datchiklar va o‘rnatilgan displey bo‘lmaydi — bu esa qurilmani yengil va ixcham saqlashga yordam beradi.
Ayni paytda kompaniya imo-ishorali boshqaruv texnologiyasini Vision Pro va kelajakdagi AirPods modellari uchun ham sinovdan o‘tkazmoqda.


















