Global iqlim o‘zgarishi oqibatlari tobora keskinlashib borayotgan bir paytda olimlar xavotirli prognozlarni ilgari surmoqda. Ularning ta’kidlashicha, asr oxiriga borib dunyoning 17 ta mashhur sayyohlik maskani dengiz sathi ko‘tarilishi sabab suv ostida qolishi mumkin.
Mutaxassislar bunga asosiy sabab sifatida muzliklarning tez sur’atda erishi va okean suvlarining kengayishini ko‘rsatmoqda. Natijada qirg‘oqbo‘yi hududlari asta-sekin suv ostida qolish xavfi bilan yuzlashmoqda.
Xavf ostidagi eng mashhur manzillar qatorida Venetsiya alohida tilga olinadi. Suv ustiga qurilgan bu tarixiy shahar allaqachon mavsumiy suv toshqinlaridan aziyat chekmoqda. Yana bir muhim hudud — Amsterdam bo‘lib, u dengiz sathidan past joylashgani sababli doimiy xavf ostida turadi.
Shuningdek, Bangkok va Mayami kabi yirik shaharlarda ham suv bosish xavfi yil sayin ortib bormoqda. Aleksandriya esa O‘rta yer dengizi sathining ko‘tarilishi sababli jiddiy ekologik tahdidga duch kelmoqda.
Olimlar yana Maldiv orollarini ham misol qilib keltirmoqda. Ushbu mashhur dam olish maskani dengiz sathidan juda past joylashgani sababli kelajakda butunlay suv ostida qolib ketishi mumkin.
Tadqiqotlarga ko‘ra, agar issiqxona gazlari chiqindilari kamaytirilmasa va global isish jarayoni sekinlashtirilmasa, bu hududlarning katta qismi XXI asr oxiriga borib yashash uchun yaroqsiz holga kelishi ehtimoli yuqori.
Mutaxassislar vaziyatni yumshatish uchun quyidagi choralarni zarur deb hisoblamoqda: atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlarni kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish hamda xalqaro miqyosda ekologik hamkorlikni kuchaytirish.
Aks holda, bugun millionlab sayyohlarni o‘ziga jalb qilayotgan ushbu maskanlar kelajak avlod uchun faqat tarixiy xotiraga aylanishi mumkin.

















