Hind kinosining afsonaviy aktrisalaridan biri, “Bobbi” filmi orqali millionlab tomoshabinlar qalbidan joy olgan Dimple Kapadia 69 yoshni qarshi oldi. Uning hayoti erta mashhurlik, kutilmagan nikoh, og‘ir ayriliqlar va yorqin ijodiy qaytishlar bilan yodda qolgan.
15 yoshida yulduzga aylangan
Dimpl Kapadiya kino olamiga juda yosh kirib kelgan. Uni mashhur rejissyor Raj Kapoor kashf etib, 1973-yilda suratga olingan Bobby filmidagi bosh rolga taklif qilgan. O‘sha paytda u atigi 15 yoshda edi. Film katta muvaffaqiyat qozonib, Dimplni bir zumda Hindistonning eng mashhur aktrisalaridan biriga aylantirdi.

Mashhurlik cho‘qqisida turmush qurdi
“Bobbi” ekranlarga chiqishidan avval Dimpl o‘z davrining eng mashhur aktyorlaridan biri — Rajesh Khanna bilan turmush qurdi. Ularning yoshidagi katta farq va shoshilinch nikoh o‘sha paytda butun Hindistonda muhokama qilingan. Nikohdan so‘ng aktrisa kinoni tark etib, oilaviy hayotga e’tibor qaratgan.
Oradan yillar o‘tib, juftlik munosabatlarida muammolar paydo bo‘ldi va ular alohida yashay boshladi. Aynan shu davr Dimpl Kapadiyaning hayotidagi eng murakkab bosqichlardan biri bo‘ldi. Biroq u taslim bo‘lmadi va uzoq tanaffusdan keyin kino olamiga qaytdi.
1985-yilda ekranlarga chiqqan Saagar filmi aktrisaning muvaffaqiyatli qaytishiga sabab bo‘ldi. Keyinchalik u “Rudaali”, “Kaash”, “Drishti” va boshqa ko‘plab filmlardagi rollari bilan tanqidchilar va tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Bugungi kunda Dimpl Kapadiya o‘zining ikki qizi va nevaralari bilan vaqt o‘tkazishni afzal ko‘radi. Aktrisa intervyularidan birida oilasi bilan faxrlanishini va bu uning karyerasidan ham muhimroq ekanini ta’kidlagan.
69 yoshga kirganiga qaramay, Dimpl Kapadiya hanuz hind kinosining eng hurmatli va sevimli aktrisalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Uning “Bobbi”dagi unutilmas obrazi esa bir necha avlod tomoshabinlari xotirasida yashashda davom etmoqda.



















