Uels malikasi Keyt Middlton saraton kasalligini davolash jarayonida eng og‘ir davrlarni yengib o‘tishga yordam bergan mashg‘ulot haqida ilk bor ochiq gapirdi. Uning aytishicha, kimyoterapiya vaqtida diqqatni jamlash va kitob o‘qish qiyinlashgani sababli u rang berish (coloring) bilan shug‘ullana boshlagan.
Keytning so‘zlariga ko‘ra, rang berish unga natija haqida o‘ylamasdan, shunchaki ijod jarayonidan zavqlanish imkonini bergan. Bu mashg‘ulot fikrlarini jamlashga, ruhiy bosimni kamaytirishga va davolanish davridagi hissiy holatini yengillashtirishga yordam bergan.
Malika bu haqda Manchesterdagi The Christie onkologiya markaziga tashrifi chog‘ida so‘zlab berdi. U saratonni davolash faqat jismoniy emas, balki ruhiy va hissiy qo‘llab-quvvatlashni ham talab qilishini ta’kidlab, ijodiy mashg‘ulotlarning inson salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, Keyt Middlton 2024-yilda saraton tashxisini e’lon qilgan, 2025-yil boshida esa kasallik remissiya bosqichiga o‘tganini ma’lum qilgan edi. Shundan buyon u saraton bilan kurashayotgan bemorlarni qo‘llab-quvvatlash va ruhiy salomatlik mavzusiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.





