G‘aroyibMadaniyat va dam olishUmumiyVideo

Zombilar haqidagi tasavvurlarni o‘zgartiradigan noodatiy horror: “Koloniya” filmi haqida

Zombi filmlari odatda bir xil manzarani tasvirlaydi: virus tarqaladi, odamlar zombiga aylanadi va tirik qolganlar ulardan qochishga yoki kurashishga majbur bo‘ladi. Janubiy koreyalik rejissyor Yon San Xo esa yangi “Koloniya” (“Colony”) filmida ushbu janrga boshqacha yondashishga urinadi.

“Pusanga ketayotgan poyezd” (“Train to Busan”) filmi orqali zombi janrida o‘z uslubini yaratgan rejissyor bu safar infeksiya qurbonlarini oddiy, ongsiz maxluqlar sifatida emas, balki vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib boradigan murakkab mavjudotlar sifatida tasvirlaydi.

Voqealar qanday boshlanadi?

Film markazida biotexnologiya professori Se Jeong turadi. U sobiq turmush o‘rtog‘ining taklifi bilan biotexnologiya konferensiyasiga keladi. Biroq tadbir vaqtida tez mutatsiyaga uchraydigan noma’lum virus tarqalib, bino ichida dahshatli voqealar boshlanadi.

Hokimiyat vakillari hududni karantinga oladi va bino ichidagi odamlar tashqi dunyodan uzilib qoladi. Se Jeong boshqa tirik qolganlar bilan birga binodan chiqish yo‘lini izlar ekan, infeksiyaga chalinganlarning odatdagi zombilardan farq qilishini anglay boshlaydi.

Bu zombilar nimasi bilan boshqacha?

“Koloniya”ning eng qiziqarli jihati — undagi infeksiyaga uchragan mavjudotlarning doimiy ravishda evolyutsiyalanishidir.

Filmda zombilar o‘zaro ta’sirlasha oladi. Ularning soni ortgani sari jamoaviy fikrlash qobiliyati ham kuchayadi. Shu sabab ular odatdagi zombi filmlaridagi kabi faqat odamlarni quvib yuradigan mavjudotlar emas, balki vaziyatga moslasha oladigan xavfli guruhga aylanadi.

Aynan shu jihat “Koloniya”ni klassik zombi filmlaridan ajratib turadi. Rejissyor Yon San Xo filmda “uyushgan ong” g‘oyasidan foydalanib, infeksiya tarqalgan sari xavfning qanday o‘zgarishini ko‘rsatadi.

“Pusanga ketayotgan poyezd” rejissyori yana zombi janrida

Yon San Xo zombi mavzusiga begona emas. Uning 2016-yilda chiqqan “Pusanga ketayotgan poyezd” filmi xalqaro miqyosda katta shuhrat qozongan va koreys zombi filmlarining eng mashhur namunalardan biriga aylangan.

“Koloniya” ham shu janrga qaytish bo‘lsa-da, film “Pusanga ketayotgan poyezd”ning davomi emas. Rejissyor yangi qahramonlar, yangi infeksiya va zombilarning mutlaqo boshqacha xususiyatlariga asoslangan mustaqil hikoya yaratgan.

Filmda kimlar rol ijro etgan?

Asosiy qahramon Se Jeong obrazini mashhur janubiy koreyalik aktrisa Chon Ji Xyon ijro etgan. Unga Koo Kyo Xvan, Ji Chang Uk, Kim Shin Rok, Shin Xyon Bin va Ko Su kabi aktyorlar hamrohlik qiladi.

Chon Ji Xyon biotexnologiya professori rolida nafaqat omon qolish uchun kurashadi, balki virus va infeksiyaga chalinganlarning xatti-harakatlarini tushunishga ham urinadi. Shu sabab filmda oddiy qo‘rqinchli sahnalardan tashqari ilmiy va psixologik elementlar ham mavjud.

Tanqidchilar film haqida nima demoqda?

“Koloniya”ga munosabatlar bir xil emas. Ayrim tanqidchilar filmning yangi zombi konsepsiyasi, harakat sahnalari va maxsus effektlarini ijobiy baholagan. Variety nashri uni “Pusanga ketayotgan poyezd” rejissyorining janrga yangi usullar olib kirgan ko‘ngilochar zombi filmi sifatida ta’riflagan.

The Guardian esa filmning asosiy yangiligi sifatida zombilarning “uyushgan ongi”ni qayd etgan. Shu bilan birga, ayrim sharhlovchilar film syujeti va ayrim sahnalar takroriy tuyulishini ham ta’kidlagan.

Umuman olganda, “Koloniya” zombi janrini tubdan o‘zgartirib yuborgan film bo‘lmasligi mumkin. Biroq u zombilarni shunchaki o‘liklar armiyasi emas, balki o‘rganadigan, moslashadigan va jamoaviy ravishda harakat qiladigan xavf sifatida ko‘rsatishga urinishi bilan e’tiborga loyiq.

Filmning rejissyori Yon San Xo bo‘lgani esa uni, ayniqsa, “Pusanga ketayotgan poyezd” muxlislari uchun qiziqarli premyeralardan biriga aylantiradi

Reaksinagiz qanday?

Tegishli Postlar

1 of 291

Javob qoldirish

Your email address will not be published. Required fields are marked *