Tunda uyqudan uyg‘onib, o‘zingizni eski sinfingizda yoki maktab koridorida yurgandek his qilgan paytingiz bo‘lganmi? Imtihonga kech qolish, maktabni bitirolmaslik, sinfni topolmaslik… Yillar o‘tsa ham bu tushlar nega bizni tark etmaydi?
Mutaxassislar bunga asosiy sabab sifatida stress va noaniqlikni ko‘rsatishadi. Psixolog Dr. Debora Lining aytishicha, inson qiyin davrlarda miyasi uni “xavfsiz va tanish” joylarga qaytaradi. Maktab ham shunday joy: qoidalar, daftar-kitoblar, dars jadvallari, qo‘ng‘iroq ovozi… Bolalikdan katta hayotga o‘tishda bosib o‘tilgan bu tartibli davrni ongsiz ravishda miyamiz bir belgi sifatida saqlab qo‘yadi.
Yangi ish boshlash, yangi joyga ko‘chib o‘tish, yangi mas’uliyat kabi hayotimizda o‘zgarishlar ko‘paysa, miyamiz shu “tartib”ni maktab davrlari bilan eslatadi. Hatto biror yangi narsa o‘rganish ham eski maktab davrlarini tushlar orqali namoyon etishi mumkin. Chunki miyamiz eski o‘rganish dasturlarini “javondan olib” qayta qo‘llanadi.