
Coldplay guruhining Boston shahrida bo‘lib o‘tgan konserti uzoq yillar esda qoladigan bo‘ldi. 1,3 milliard dollarlik Astronomer kompaniyasining bosh direktori Endi Bayron oilali bo‘lishiga qaramay, kompaniyaning kadrlar bo‘yicha (HR) menejeri Kristin Kebot bilan kameralarga tushib qoldi.
Ularning yaqin munosabatlari stadionda o‘rnatilgan “kiss cam” (o‘pich kamerasi) orqali katta ekranga chiqarildi. Ekranda o‘zlarini ko‘rib qolgan Bayron va Kebot esa vahimaga tushib, kameradan qochishga urinishdi.

Voqea qisqa vaqt ichida ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘ldi. Bayronning rafiqasi Megan Kerrigan Bayron esa barcha ijtimoiy tarmoq akkauntlarini yopdi va LinkedIn’dagi profilidan turmush o‘rtog‘ining familiyasini o‘chirib tashladi. Avvallari u bilan birga ishlagan sobiq xodimlar ham uning kompaniyadagi toksik boshqaruv uslubi haqida yana gapira boshlashdi. Astronomer kompaniyasidan esa hozircha rasmiy bayonot berilmadi.
