Dunyo kinotarixidagi eng mashhur filmlardan biri — “Titanik” yulduzi Leonardo Di Kaprio 1997-yilda suratga olingan va millionlab tomoshabinlar tomonidan sevib tomosha qilingan ushbu filmni hech qachon qayta ko‘rmaganini ta’kidladi.
Bu haqda u Variety va CNN’ning mashhur “Actors on Actors” loyihasi doirasida aktrisa Jennifer Lawrence bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda ma’lum qildi. Intervyu 17-dekabr kuni e’lon qilindi.
Suhbat davomida Lawrence aktyordan to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘radi:
— “Titanik”ni qayta ko‘rganmisiz?
DiCaprio esa qisqa va aniq javob berdi:
— “Yo‘q. Men uni umuman ko‘rmaganman.” Jennifer Lawrence bunga hayron bo‘lib, aktyorga filmni tomosha qilishni tavsiya etdi.
Di Kaprio esa o‘z pozitsiyasini shunday izohladi: u odatda o‘z filmlarini tomosha qilmaydi. Bu fikrga Lawrence ham qo‘shildi va hazil bilan shunday dedi:
— “Men ham o‘z filmlarimni deyarli ko‘rmayman. To‘g‘risi, agar ‘Titanik’ga o‘xshash filmda rol o‘ynaganimda, balki ko‘rardim

“Titanik” — kutilmagan muvaffaqiyat
Rejissyor Jeyms Kemeron tomonidan suratga olingan “Titanik” barcha davrlarning eng katta daromad keltirgan filmlaridan biriga aylangan. Filmda Di Kaprio Keyt Uinslet bilan birga bosh rolni ijro etgan.
Aktyor 2016-yilda bergan intervyusida “Titanik” u va Keyt Uinslet uchun haqiqiy tajriba bo‘lganini aytgan edi:
— “Biz bu film bunday ulkan muvaffaqiyatga erishishini hech qachon kutmagandik. U bizning hayotimizni va karyeramizni butunlay o‘zgartirdi,” — degan Di Kaprio.


















