Ko‘pchilik yaxshi film albatta katta byudjet va murakkab kompyuter grafikasi talab qiladi, deb o‘ylaydi. Ammo kino tarixida shunday asarlar borki, minimal mablag‘ bilan ishlangan bo‘lsa-da, tomoshabinlar qalbidan joy olgan va millionlab daromad keltirgan. Eng qizig’i ularning aksariyati murakkab grafikalarsiz suratga olingan.
“Baxt izlab” (2006)
Byudjet: 55 million AQSh dollar
Daromad: 307 million AQSh dollar
Janr: Biografik drama
“Baxt izlab” filmi sabr-toqat, ota mas’uliyati va o‘z ustida ishlash orqali eng qiyin hayotiy sinovlarni yengib o‘tish mumkinligini aks ettiradi. Film tomoshabinga haqiqiy baxt moddiy boylikda emas, balki iroda va umidni yo‘qotmaslikda ekanini anglatadi. Garchi byudjeti nisbatan yuqoriroq bo‘lsa-da, filmda murakkab CGI ishlatilmagan.

“Rokki” (1976)
Byudjet: 1 million AQSh dollar
Daromad: 225 million AQSh dollar
Janr: Sport, drama
“Rokki” filmi oddiy insonning og‘ir sharoitda ham orzusidan voz kechmasdan, mehnat va iroda orqali g‘alabaga erishishi mumkinligini ko‘rsatadi. Katta byudjet va maxsus effektlarsiz suratga olingan film kuchli syujet va samimiy aktyorlik orqali tomoshabinni ilhomlantirgan holda kino tarixida afsonaga aylangan.

“Millioner bo‘lish osonmi?” (2008)
Byudjet: 15 million AQSh dollar
Daromad: 378 million AQSh dollar
Janr: Drama
“Millioner bo‘lish osonmi?” filmi inson hayotida har bir voqea bejiz sodir bo‘lmasligini va o‘tmish tajribalar kelajakdagi muvaffaqiyatga zamin yaratishini ochib beradi. Film taqdir, muhabbat va ijtimoiy tengsizlik mavzularini sodda ammo ta’sirchan uslubda yoritadi.


















