O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning yangi ijodi — “Layli” nomli qo‘shig‘i e’lon qilinganidan so‘ng qisqa vaqt ichida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Taronaning audio talqini YouTube platformasida taqdim etilib, ilk uch kun ichida 500 mingdan ortiq tinglov to‘pladi.
Qo‘shiq ostida yuzlab ijobiy izohlar qoldirilgan bo‘lib, tinglovchilar asarning mazmuni, musiqiy yechimi va xonandaning ijrosini yuqori baholamoqda. “Layli” qisqa fursatda mashhurlikka erishib, san’atkor ijodiga bo‘lgan qiziqish yana bir bor yuqori ekanini namoyon etdi.
Ayni paytda qo‘shiq uchun rasmiy klip ishlanmagan, biroq muxlislar tomonidan videoklip suratga olinishi borasida ham ko‘plab taklif va istaklar bildirilmoqda.
“Layli” Yulduz Usmonovaning boy ijodiy faoliyatida yana bir muvaffaqiyatli loyiha sifatida e’tirof etilmoqda.


















