2025 yilda dunyo bo‘ylab xitga aylangan “Xomay” qo‘shig‘i ijrochilari — Boshqirdistonning mashhur “Ay Yola” guruhi O‘zbekiston poytaxti Toshkentga tashrif buyurdi.Jamoa joriy yilning 28 yanvar kuni Toshkent shahrida o‘tgan “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofoti nomzodlarini tantanali taqdirlash marosimida mehmon sifatida ishtirok etdi.
Bu tashrif san’atsevarlar uchun ikki karra yangilik bo‘ldi: bir tomondan — yilning eng ommabop qo‘shiqlaridan biri ijrochilari Toshkent sahnasiga chiqdi, ikkinchi tomondan esa milliy mukofot marosimi yanada katta shukuh va kayfiyat bilan o‘tdi.
Marosimda shuningdek, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston xalq artisti Nigina Amonqulova, Ozarbayjon xalq artisti Mensum Ibrahimov hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon xalq artisti Gulyanaq Memedova kabi nufuzli san’atkorlar ham ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, bu milliy mukofot tadbiri joriy yilda to‘rtinchi bor o‘tkazildi va hozirgacha 20 ta nominatsiya bo‘yicha 60 nafar ijodkor munosib deb topilmoqda. Ayni paytda navbatdagi 20 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblarni aniqlash jarayoni Milliytanlov.uz platformasi orqali davom etmoqda.
Mukofotga sazovor bo‘lgan ijodkorlar maxsus statuetka, sertifikat va bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan ham taqdirlanmoqda.


















