O‘zbekiston estradasi yulduzi Jasur Umirov Namangan viloyati aholisi oldida o‘z xatosi uchun uzr so‘rab chiqdi. Bu qaror ijtimoiy tarmoqlarda jonli efir jarayonida aytgan so‘zlari keng muhokama bo‘lgach yuz berdi.
Ijtimoiy tarmoqdagi jonli efirda Umirovning turmush o‘rtog‘i va Namanganliklar haqidagi ayrim fikrlari ba’zi tomoshabinlar tomonidan norozilik bilan qarshi olindi. Bu munozaralar keng tarqalib, san’atkorning so‘zlari ustida jamoatchilik bahslari avj oldi.
Shu sababli Jasur Umirov rasmiy murojaatida bu fikrlar u tomonidan jahl ustida aytilganini va asl qarashlarini aks ettirmasligini ma’lum qildi. U barcha viloyatlar, xususan, Namangan xalqini hurmat qilishini ta’kidlab, odamlar oldida xizmat qilishni o‘zining asosiy vazifasi deb bilishini qayd etdi.
San’atkor kelajakda shu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun ehtiyotkor bo‘lishga harakat qilayotganini ham bildirdi.


















