Mashhur fantastik serial — Game of Thrones (o‘zbekcha nomi “Taxtlar o‘yini”) olamida yana bir yirik loyiha paydo bo‘lishi kutilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, serial asosida yangi to‘liq metrajli film suratga olish rejalashtirilmoqda. Loyiha ustida Warner Bros. studiyasi ish olib bormoqda. Film mashhur yozuvchi George R. R. Martin yaratgan fantastik dunyo — “A Song of Ice and Fire” asarlari asosida tayyorlanadi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi film syujeti Targarienlar sulolasi tarixiga bag‘ishlanishi mumkin. Xususan, voqealar Westeros tarixidagi eng muhim davrlardan biri — Aegon I Targarienning yetti qirollikni zabt etishi haqida hikoya qilishi kutilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, film ssenariysi ustida tajribali ssenariynavis Beau Willimon ishlamoqda. U ilgari House of Cards hamda Andor kabi mashhur loyihalar bilan tanilgan.
Mutaxassislarning fikricha, yangi film “Taxtlar o‘yini” olamining katta ekrandagi davomiga aylanishi mumkin. Loyiha amalga oshsa, serial muxlislari Westeros tarixidagi yana bir muhim davrni kino orqali tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi.



















