Mashhur musiqiy prodyuser Benny Blanco rafiqasi, xonanda va aktrisa Selena Gomezning ruhiy salomatligi haqida ochiq fikr bildirdi. Ularning suhbatida xonandaning bipolyar buzilish bilan qanday kurashayotgani va bu jarayonda turmush o‘rtog‘ining qo‘llab-quvvatlashi haqida so‘z bordi.
Blanco o‘zining “Friends Keep Secrets” podkastida Selena Gomez ba’zan maniya holatini boshdan kechirishi mumkinligini, ammo bunday paytda u buni darhol anglamasligi ham mumkinligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shunday vaziyatlarda u rafiqasini qo‘llab-quvvatlashga va vaziyatni tushunishga harakat qiladi.
Selena Gomez esa ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolar haqida bir necha bor ochiq gapirgan. U 2020 yilda o‘zida bipolyar buzilish aniqlanganini ma’lum qilgan. Xonandaning aytishicha, to‘g‘ri tashxis qo‘yilguniga qadar u bir nechta mutaxassisga murojaat qilgan va bu jarayon oson kechmagan.
Shunga qaramay, Gomez bu kasallik bilan yashashni o‘rganayotganini va o‘z tajribasi haqida ochiq gapirish orqali boshqalarga ham yordam berishni istashini aytadi. Uning fikricha, ruhiy salomatlik haqida ochiq suhbatlashish jamiyatdagi stereotiplarni kamaytirishga yordam beradi.
Ma’lumot uchun, Selena Gomez va Benny Blanco munosabatlari 2023 yil oxirida ommaga ma’lum bo‘lgan. Keyinchalik juftlik unashtirilganini e’lon qilgan va 2025 yil sentyabrida Kaliforniyada turmush qurishgan.



















