Ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Sardor Mamadaliyevga nisbatan sud ishi ochilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu holat uning YouTube’dagi “Chotki TV” kanaliga bergan intervyusidan keyin yuzaga kelgani aytilmoqda.
Intervyu davomida xonandadan Sherali Jo‘rayev ijro etgan mashhur “Ko‘rmisham” qo‘shig‘ini kuylab berish so‘ralgan. Aynan shu ijrodan so‘ng videoning tegishli qismi YouTube platformasidan olib tashlangani va shu sababli xonandaga nisbatan sud jarayoni boshlangan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Sardor Mamadaliyev esa Instagram sahifasida joylagan video murojaatida mazkur masala faqat unga tegishli emasligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yana qariyb 20 ga yaqin shaxs ham shu sabab bilan jarimaga tortilishi mumkin. Biroq jarima miqdori hozircha ochiqlanmagan.
Bundan tashqari, xonanda Adliya vazirligiga ketayotgan paytda avtomobilni xavfsizlik kamarini taqmasdan boshqargani ham qayd etilgan. Shu sababli ichki ishlar xodimlari tomonidan u bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, tegishli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Hozircha ushbu masala yuzasidan rasmiy qaror yoki yakuniy natijalar e’lon qilinmagan.



















