Toshkent shahridagi bolalar musiqa va san’at maktablaridan biriga taniqli san’atkor Farrux Zokirov nomi beriladi.
Ma’lum qilinishicha, Prezident qaroriga muvofiq, Yashnobod tumanida joylashgan 7-son bolalar musiqa va san’at maktabi endilikda Farrux Zokirov nomi bilan ataladi.
Qaror san’atkor ijodini keng targ‘ib qilish va uning merosini yosh avlodga yetkazish maqsadida qabul qilingan.
Shuningdek, mazkur maktabda “Yalla” nomidagi bolalar ansambli tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yoshlar uchun ijodiy laboratoriya hamda “ustoz-shogird” an’analari asosida mahorat maktablari yo‘lga qo‘yiladi.
Rejalarga ko‘ra, iqtidorli o‘quvchilar uchun maxsus bepul kurslar tashkil etilib, ularning ijodiy ishlari televideniye va xalqaro platformalarda namoyish etiladi.
Mazkur tashabbus san’atni rivojlantirish va yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.



















