Fransiyada kutilmagan voqea yuz berdi — 58 yoshli muhandis xayriya lotereyasi orqali mashhur rassom Pablo Picassoning qimmatbaho asarini qo‘lga kiritdi.
Ma’lum qilinishicha, Parijda yashovchi muhandis Ari Xodara qiymati 1 million yevrodan ortiq bo‘lgan san’at asarini yutib olgan. U o‘z g‘alabasi haqida auktsion uyi tomonidan qilingan videoqo‘ng‘iroq orqali xabar topgan.
Xabarni eshitgan muhandis dastlab bunga ishonmagan va bu hazil emasligiga aniqlik kiritishga uringan.
Mazkur lotereya xayriya maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, unda 100 yevrodan 120 mingdan ortiq chipta sotilgan. Natijada, Altsgeymer kasalligini o‘rganish uchun qariyb 11 million yevro mablag‘ yig‘ilgan.
G‘olibga 1941-yilda yaratilgan “Ayol boshi” (Tête de femme) nomli asar nasib etgan. Ushbu portretda rassomning ilhom parisi, fransuz rassomi Dora Maar tasvirlangan.
Mazkur voqea nafaqat san’at ixlosmandlari, balki keng jamoatchilik orasida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.



















