Gollivud aktyori, “Transformerlar” filmlari orqali mashhurlikka erishgan Shia LaBeouf sud qaroriga ko‘ra ikki yil sinov muddatiga hukm qilindi. Aktyor 2026-yil fevral oyida AQSHning Nyu-Orlean shahrida sodir bo‘lgan janjal bilan bog‘liq ish bo‘yicha aybini tan olgan.
Mojaro Mardi Gras bayrami vaqtida yuz bergan
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa Mardi Gras bayrami kunlari Nyu-Orleandagi barlardan biri yaqinida sodir bo‘lgan. Labaf uch kishiga nisbatan kuch ishlatganlikda ayblangan. Keyinchalik aktyor uchta oddiy tan jarohati yetkazish holati bo‘yicha aybini tan oldi.
Qamoq emas, sinov muddati
Sud aktyorga olti oylik qamoq jazosini tayinladi, biroq bu jazo shartli ravishda to‘xtatib turildi. Uning o‘rniga Shaya Labaf ikki yil davomida sinov muddatida bo‘ladi. Shuningdek, u alkogolga qaramlik bo‘yicha reabilitatsiya dasturida qatnashishi, g‘azabni boshqarish kurslarini o‘tashi va maxsus treninglarda ishtirok etishi shart etib belgilandi.
Shartlarni buzsa qamoqqa tushishi mumkin
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, agar aktyor sud tomonidan belgilangan talablarni bajarmasa, olti oylik qamoq jazosi kuchga kirishi mumkin. Bundan tashqari, unga hodisada jabrlangan shaxslar bilan aloqa qilish va mojaro yuz bergan barga qaytish taqiqlangan.
Muammoli o‘tmish
Shaya Labaf avval ham bir necha bor jamoat tartibini buzish, mast holda bezorilik qilish va boshqa huquqbuzarliklar bilan bog‘liq mojarolar markazida qolgan. Aktyor keyingi yillarda o‘z hayotini tartibga solish va ijodiga e’tibor qaratishga urinayotganini bir necha bor ta’kidlagan.
Mazkur voqea esa uning faoliyatidagi navbatdagi shov-shuvli hodisalardan biri sifatida ommaviy axborot vositalarida keng muhokama qilinmoqda.



















