Michael filmi rekord natija qayd etib, tarixdagi eng daromadli musiqiy bayopik unvonini qo‘lga kiritdi. Film dunyo bo‘ylab 911,9 million dollar kassaga ega bo‘lib, shu paytgacha rekordni ushlab turgan Bohemian Rhapsody kartinasini ortda qoldirdi.
Filmga rejissyor Antoine Fuqua boshchilik qilgan bo‘lsa, pop musiqasi afsonasi Michael Jackson obrazini uning jiyani Jaafar Jackson gavdalantirgan. Kartina 2026-yil 24-aprelda namoyishga chiqarilgan va qisqa vaqt ichida yilning eng muvaffaqiyatli filmlaridan biriga aylangan.
“Maykl” nafaqat eng kassabop musiqiy bayopik, balki tarixdagi eng daromadli biografik filmlar ro‘yxatida ham yuqori o‘rinlarni egalladi. Mutaxassislar filmning tez orada 1 milliard dollarlik marrani ham zabt etishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Kartina Maykl Jeksonning bolalik davri, The Jackson 5 tarkibidagi faoliyati hamda 1980-yillarda dunyo miqyosidagi yulduzga aylanish yo‘lini hikoya qiladi. Film tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan bo‘lsa-da, ayrim tanqidchilar syujetning ayrim jihatlarini bahsli deb baholagan.
Film muvaffaqiyati ortidan Maykl Jeksonning mashhur qo‘shiqlariga qiziqish ham keskin oshib, striming platformalaridagi tinglanishlar sezilarli darajada ko‘paygan.



















