Gollivud aktrisasi Anjelina Joli shaxsiy hayoti haqida kamdan kam gapiradi. Biroq u yaqinda bergan intervyusida Bred Pitt bilan ajrashganidan buyon hech kim bilan ishqiy munosabatda bo‘lmaganini tan oldi.
Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil davomida butun e’tiborini olti nafar farzandini tarbiyalashga qaratgan. Shu sababli shaxsiy hayoti uning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lmagan. “Rostini aytsam, ajrashganimdan beri hech kim bilan uchrashmadim. Barcha e’tiborim bolalarim va oilamda edi”, — dedi Joli.
Anjelina Joli yangi “Couture” filmi ustidagi ishlar davomida hayotga bo‘lgan qarashlari o‘zgarganini ham aytdi. Uning fikricha, endi o‘zi uchun ham yashash va yangi bosqichni boshlash vaqti kelgan. “Yashashni boshlashim kerak”, — deya ta’kidladi aktrisa.
Eslatib o‘tamiz, Anjelina Joli va Bred Pitt 2016-yilda ajrashish jarayonini boshlagan, ularning uzoq davom etgan sud ishlari esa 2024-yil oxirida yakuniga yetgan. Sobiq juftlikning olti nafar farzandi bor.



















