Gollivud yulduzi Tom Kruz yangi “Digger” filmidagi g‘ayrioddiy qiyofasi bilan muxlislarini hayratda qoldirdi. Filmning ilk treylerida aktyor kulrang siyrak sochlar, yuz protezlari va qorin bilan deyarli 30 yoshga qarigandek ko‘rinadi. Ko‘pchilik uni ilk qarashda taniy olmaganini yozmoqda.
“Digger” filmida Tom Kruz ekologik falokatga sabab bo‘lgan va keyinchalik insoniyatni qutqarishga urinadigan milliarder neft magnati Digger Rokvell obrazini gavdalantiradi. Kartinaga meksikalik mashhur rejissyor Alejandro Gonsales Inyarritu rejissyorlik qilgan.
Aktyorning yangi qiyofasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Ayrim muxlislar uni “Tropik momaqaldiroq” (Tropic Thunder) filmidagi Les Grossman obrazidan keyingi eng keskin transformatsiya deb atashmoqda. Boshqalar esa Tom Kruzning navbatdagi murakkab rol uchun tashqi ko‘rinishini butunlay o‘zgartirishga tayyorligini yuqori baholamoqda.
“Digger” filmi 2026-yil 2-oktyabr kuni kinoteatrlarda namoyish etilishi rejalashtirilgan. Kartinada, shuningdek, Jon Gudman, Riz Ahmad, Jessi Plemons, Sandra Xyuller va boshqa mashhur aktyorlar ham rol ijro etgan.






