Disney studiyasi afsonaviy “Uyda yolg‘iz” (Home Alone) komediyasining yangi davomi ustida ish boshlashi mumkin. Xabarlarga ko‘ra, loyiha hozircha dastlabki muhokama bosqichida bo‘lib, bosh rol ijrochisi Makoley Kalkin studiya rahbariyatiga film g‘oyasini shaxsan taqdim etgan.
Manbalarga ko‘ra, yangi filmda Makoley Kalkin yana Kevin Makkallister obraziga qaytadi. Biroq bu safar u ulg‘aygan, farzandli ota sifatida namoyon bo‘ladi. Syujetga ko‘ra, Kevin tasodifan o‘z uyidan tashqarida qolib ketadi, uning o‘g‘li esa otasini ichkariga kiritmaslik uchun bolaligidagi kabi turli qopqonlarni tayyorlaydi. Shu tariqa klassik voqea bu safar butunlay teskari talqinda davom etadi.
Insayderlarning ta’kidlashicha, Disney ushbu g‘oyani ijobiy baholagan va loyiha deyarli “yashil chiroq” olgan. Biroq film hali rasman tasdiqlanmagan, studiya ham, Makoley Kalkin vakillari ham bu borada rasmiy bayonot bermagan.
1990-yilda ekranlarga chiqqan “Uyda yolg‘iz” komediyasi Rojdestvo mavzusidagi eng mashhur filmlardan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda franshizaning bir necha davomi va qayta talqinlari suratga olingan bo‘lsa-da, ularning hech birida Makoley Kalkin ishtirok etmagan. Shu sababli aktyorning Kevin Makkallister obraziga ehtimoliy qaytishi muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.






