Sony Pictures studiyasi “Jumanji: Ochiq dunyo” (Jumanji: Open World) filmining ilk rasmiy treylerini e’lon qildi. Zamonaviy “Jumanji” trilogiyasining yakuniy qismi bo‘ladigan kartinada Dueyn Jonson, Jek Blek, Kevin Hart va Karen Gillan yana o‘z mashhur obrazlariga qaytadi.
Bu safar voqealar avvalgi filmlardan farqli yo‘nalishda rivojlanadi. Endi o‘yin ichiga odamlar emas, balki Jumanji qahramonlarining o‘zi real dunyoga chiqib qoladi. Treylerda Bravestone, Shelly Oberon, Finbar va Ruby Roundhouse haqiqiy hayotda tartibsizliklar keltirib chiqarayotgani tasvirlangan.
Filmga yana Jeyk Kasdan rejissyorlik qilgan. Kartinada, shuningdek, Denni DeVito, Nik Jonas, Akvafina, Aleks Vulf va boshqa aktyorlar ham o‘z rollarini takrorlaydi. Ijodkorlar ushbu film zamonaviy “Jumanji” trilogiyasining yakuniy bobi bo‘lishini tasdiqlagan.
“Jumanji: Ochiq dunyo” filmining premyerasi 2026-yil 25-dekabrga rejalashtirilgan. Treyler e’lon qilinganidan so‘ng muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda filmni yilning eng kutilgan sarguzasht kartinalaridan biri deb atamoqda.





