BTS guruhining a’zosi Kim Txyon (V) ishtirokidagi yengil yo‘l-transport hodisasi haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea guruhning MetLife Stadiumdagi konsertidan so‘ng, xonanda mehmonxonaga qaytayotgan paytda sodir bo‘lgan.
Xabarlarga ko‘ra, V ketayotgan avtomobilni boshqa mashina orqa tomondan urib yuborgan. Hodisa jiddiy bo‘lmagan va xonanda hech qanday jarohat olmagan. Guvohlar tarqatgan videolarda uning qo‘riqchilari hamrohligida mehmonxonaga piyoda kirib borayotgani aks etgan.
Hodisa haqidagi xabarlar tarqalishi bilan BTS muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda xavotir bildirib, xonandaning ahvoli haqida ma’lumot kutishdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Vning sog‘-salomat ekani haqidagi ma’lumotlar tarqalib, muxlislar biroz xotirjam bo‘ldi.
Ayni paytda BigHit Music yoki HYBE hodisa yuzasidan rasmiy bayonot bermagan. Shu sabab voqeaning ayrim tafsilotlari hali tasdiqlanmagan. Biroq mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa yengil bo‘lgan va V o‘z faoliyatini reja asosida davom ettirmoqda.







