Bugun, 2-oktabr kuni mashhur britaniyalik xonanda va sozanda Sting 75 yoshni qarshi oldi. Uning sahnadagi faoliyati o‘nlab yillarga cho‘zilgan bo‘lsa-da, musiqachi bo‘lishdan oldin u ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan.
Stingning asl ismi Gordon Samner. U yoshligidan musiqaga qiziqib, mahalliy guruhlarda gitara va bas-gitara chalgan. Bir vaqtning o‘zida ingliz tili bo‘yicha ta’lim olib, maktabda dars bergan. Keyinchalik musiqaga jiddiy kirishish uchun o‘qituvchilikni tashlab, Londonga ko‘chib ketgan.
Uning “Sting” taxallusi ham tasodifan paydo bo‘lgan. Musiqachi sahnaga qora-sariq chiziqli sviterda chiqishni yaxshi ko‘rgan. Shu sababli hamkasblari uni asalari ranglarini eslatgani uchun “Sting” deb atay boshlagan. Keyinchalik bu nom uning sahnadagi doimiy ismiga aylangan.
1977-yilda Sting Stewart Copeland va Andy Summers bilan birga The Police guruhini tuzdi. Guruhning “Roxanne”, “Every Breath You Take” kabi qo‘shiqlari uni xalqaro miqyosda mashhur qildi. Keyinchalik Sting yakkaxon ijodini boshladi va bir nechta Grammy mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
Shaxsiy hayotidagi murakkab burilish
Stingning shaxsiy hayoti ham uzoq vaqt omma e’tiborida bo‘lgan. U 1976-yilda aktrisa Frances Tomelty bilan turmush qurgan. Keyinchalik Sting Tomeltyning dugonasi, aktrisa va prodyuser Trudie Styler bilan munosabat boshlagan. Bu munosabat uning birinchi nikohi tugashiga olib kelgan.
Sting va Trudie Styler 1980-yildan birga bo‘lib, 1992-yilda turmush qurishgan. Ularning to‘rt nafar farzandi bor. 2026-yilda juftlik nikohining 34 yilligini nishonladi.
Sting bugungi kungacha sahnani tark etmagan. 2026-yilgi 75 yoshini ham ijoddan uzoqlashmagan holda kutib olmoqda: u konsertlar berishda va yangi loyihalar ustida ishlashda davom etmoqda.



















