O‘zbekistonda Google Pay xalqaro to‘lov xizmati ishga tushirildi. Bu haqda 19-oktyabr kuni Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH ishtirokida o‘tkazilayotgan C5+1 tadbirlari doirasida ma’lum qilindi.
Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha hukumat bilan aloqalar va davlat siyosati masalalari rahbari Marsin Krasuski xizmat O‘zbekistonda ish boshlaganini e’lon qildi.
Google Pay Android smartfonlari orqali kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Foydalanuvchilar qo‘llab-quvvatlanadigan bank kartalarini Google Wallet ilovasiga ulab, NFC texnologiyasiga ega telefon orqali to‘lov terminalida xarid uchun haq to‘lashlari mumkin.
Hozircha barcha banklar va kartalar uchun xizmat bir vaqtda ishlashi kafolatlanmagan. Kartani ulash imkoniyati uni chiqargan bankning Google Pay bilan integratsiyasiga ham bog‘liq. Shu sababli foydalanuvchilarga o‘z bankida xizmat qo‘llab-quvvatlanishini tekshirish tavsiya etiladi.
Google Pay’ni O‘zbekistonda ishga tushirish masalasi avval ham muhokama qilingan. 2026-yilda shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashga oid qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar xalqaro raqamli xizmatlarni mamlakatga olib kirish uchun imkoniyatlarni kengaytirdi. Shuningdek, banklar, Markaziy bank va mahalliy to‘lov tizimlari bilan texnik integratsiya ishlari olib borildi.
Google Pay’ning ishga tushirilishi O‘zbekistonda raqamli to‘lov imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.



















