Afsonaviy qo‘shiqchi Maykl Jekson vafotidan 17 yil o‘tgan bo‘lsa-da, uning ijodi dunyo musiqa reytinglarida yana yuqori o‘rinlarni egallamoqda. Mutaxassislar bunga 2026-yil 24-aprelda premyerasi bo‘lib o‘tgan “Michael” biografik filmi va ijtimoiy tarmoqlarda qo‘shiqlarga qiziqish ortganini sabab sifatida ko‘rsatmoqda.
Film namoyishidan so‘ng Jekson musiqalarining striming platformalaridagi tinglanishi keskin oshdi. Luminate ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda 24–25-aprel kunlari uning qo‘shiqlari 31,7 million marta tinglangan. Bu avvalgi hafta oxiridagi 16,3 million ko‘rsatkichdan qariyb 95 foiz ko‘p.

Ijodkorning mashhur “Billie Jean”, “Beat It”, “Bad” va “Thriller” kabi qo‘shiqlariga ham qiziqish kuchaydi. May oyida Maykl Jekson global striming reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarilgani haqida xabarlar tarqaldi.
“Michael” filmida bosh rolni xonandaning jiyani Jaafar Jackson ijro etgan. Rejissyor Antoine Fuqua suratga olgan kartina Jeksonning bolalikdagi ilk chiqishlaridan boshlab yakkaxon ijodidagi muhim davrlargacha bo‘lgan hayotini yoritadi. Film 24-aprel kuni kinoteatrlarda namoyish etila boshlagan.
Maykl Jekson 2009-yil 25-iyunda 50 yoshida vafot etgan. Oradan yillar o‘tganiga qaramay, uning musiqalari yangi tinglovchilar orasida ham mashhurligini saqlab qolmoqda.



















