Turk kino va serial olamida nafaqat iste’dodi, balki tabiiy go‘zalligi bilan ham mashhurlikka erishgan aktrisalar bor. Qizig‘i shundaki, ularning ayrimlari hali ham turmush qurmagan. Bu esa muxlislarni hayratda qoldiradi va yulduzlarning shaxsiy hayotiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi. Ammo hozircha ularning to‘yidan darak yo‘q…
Hande Erchel

“Gunesh qizlari” va “Malikam, endi qara” seriallari orqali tanilgan maftunkor Hande Erchel ilk bor ekranlarda ko‘rinish berishi bilan muxlislar qalbidan joy olgan. Ayniqsa, “Eshigimni qoq” serialidagi partnyori Kerem Bursin bilan munosabatlari ko‘pchilikning e’tibor markazida bo‘lgan.
Ularning haqiqiy hayotda ham birga bo‘lishini muxlislar juda istagan. Hatto bir muddat uchrashib ham yurishgan. Biroq keyinchalik bu munosabatlar ko‘proq PR va loyiha mashhurligini oshirish bilan bog‘liq ekani haqidagi gap-so‘zlar tarqalib, muxlislar biroz hafsalasi pir bo‘lgan.
Shunga qaramay, Hande hali ham muhabbatga ishonadi. Aktrisa intervyularidan birida kelajakda ona bo‘lish haqida o‘ylayotganini ham aytib o‘tgan.
Jemre Baysel

“Taqdir o‘yini” seriali suratga olinayotgan paytda Jemre Baysel va hamkori Aytach Shashmaz o‘rtasidagi yaqinlik real hayotga ham ko‘chgan. Ular turk shou-biznesining eng chiroyli juftliklaridan biri sifatida tilga olingan.
Ammo vaqt o‘tishi bilan juftlik ajralganini e’lon qildi. Shundan so‘ng Jemre ikki yil davomida shaxsiy hayoti haqida deyarli hech qanday yangilik bermadi va munosabatlardan chetda bo‘lishni afzal ko‘rdi.
Serenay Sarikaya

Serenay Sarıkaya — turk kino sanoatining eng yorqin va mustaqil yulduzlaridan biri. “Fi Chi Pi” va “Oila” kabi loyihalardagi rollari bilan keng auditoriya e’tiborini qozongan.
Aktrisa hozircha oila qurishga shoshilmayapti. U bor e’tiborini karyerasiga qaratganini ochiq aytadi. Hatto intervyularidan birida turmushdan ko‘ra ishini ustun qo‘yishini ham ta’kidlagan.



















