Amerikalik aktrisa Q’orianka Kilcher mashhur “Avatar” franshizasi rejissyori James Cameron hamda Disney kompaniyasiga qarshi sud da’vosi kiritdi. Aktrisaning ta’kidlashicha, uning yuz qiyofasi ruxsatsiz tarzda film qahramoni Neytiri obrazini yaratishda ishlatilgan.
Mojaro nimadan boshlandi?
Q’orianka Kilcherning aytishicha, Cameron uning 2005-yilda suratga olingan “The New World” filmidagi suratidan ilhomlanib, Neytiri qahramoni uchun yuz chizgilarini yaratgan. Aktrisa buni faqat yillar o‘tib, rejissyorning eski intervyularidan biri internetda tarqalgach bilganini aytmoqda.
Sud hujjatlarida aktrisa:
- uning biometrik qiyofasi ishlatilgani
- bunga rozilik berilmagani
- hech qanday kompensatsiya to‘lanmagani
haqida yozgan. Uning advokatlari esa bu holatni:“san’at emas, o‘g‘rilik”deya baholamoqda.
Da’voga ko‘ra, 2010-yilda Cameron aktrisaga Neytiri rasmi tushirilgan va:“Sizning go‘zalligingiz Neytiri uchun ilk ilhom bo‘lgan”degan yozuvli skretch sovg‘a qilgan. Kilcher o‘sha paytda buni oddiy iltifot deb o‘ylaganini aytgan.
Hozircha na Disney, na James Cameron ushbu mojaro yuzasidan rasmiy bayonot bergan. Ammo sud jarayoni Gollivudda sun’iy intellekt, CGI va aktyorlar qiyofasidan foydalanish masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.


















