Global miqyosda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish darajasini o‘rgangan yangi tadqiqot natijalari e’lon qilindi. Hisobotga ko‘ra, dunyoda AI vositalaridan eng faol foydalanayotgan davlatlar qatorida Hindiston, BAA va Xitoy yetakchilik qilmoqda.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda sun’iy intellekt va neyrotarmoq vositalaridan muntazam foydalanadigan aholi ulushi 7,2 foizni tashkil etib, 147 davlat orasida 142-o‘rinni egallagan.
MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlari nechanchi o‘rinda?
Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori natija Qozog‘istonda kuzatilgan. Qo‘shni mamlakat aholisining 15,9 foizi sun’iy intellekt va neyrotarmoqlardan muntazam foydalanadi. Mazkur ko‘rsatkich bilan Qozog‘iston jahon reytingida 70-o‘rinni egalladi.
Mintaqadagi boshqa davlatlar orasida Qirg‘iziston 116-o‘rin (9,5 foiz), Tojikiston esa 145-o‘rinni (6,1 foiz) egallagan. MDH mamlakatlari ichida eng yuqori ko‘rsatkich Ozarbayjonga tegishli bo‘lib, aholining 17,7 foizi sun’iy intellekt vositalaridan foydalanadi. Bu mamlakat reytingda 62-o‘rinni egallagan.
Quyi o‘rinlarda, Belarus (aholining 9,6 foizi, 115-o‘rin), Rossiya (aholining 9,5 foizi, 117-o‘rin), Armaniston (aholining 7,4 foizi, 139-o‘rin) joylashgan.
Sun’iy intellekt infratuzilmasining yarmidan ko‘pi AQSH nazoratida bo‘lishiga qaramay, mamlakat ushbu reytingda 21-o‘rinda qayd etilgan. Amerikaliklarning 31,3 foizi SI vositalaridan muntazam foydalanadi. Xitoy esa 16,4 foizlik ko‘rsatkich bilan 67-o‘rinni egallagan.
Reytingning so‘nggi pog‘onasidan Kambodja joy olgan. Bu mamlakatda sun’iy intellekt va neyrotarmoq vositalaridan kundalik foydalanadiganlar ulushi 5,7 foizni tashkil etadi.



















