Gollivud yulduzi Kianu Rivz LEGO franshizasi asosida suratga olinayotgan yangi filmning bosh roliga nomzod sifatida ko‘rilmoqda. Xorijiy nashrlar xabariga ko‘ra, aktyor loyiha yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.
Ma’lum qilinishicha, yangi kartina LEGO olamiga bag‘ishlangan bo‘lib, jonli ijro va kompyuter grafikasi uyg‘unligida suratga olinadi. Filmga avval “Toy Story 4” ustida ishlagan rejissyor Josh Cooley boshchilik qiladi.

Bu Kianu Rivz va Josh Cooley uchun ilk hamkorlik bo‘lmaydi. Aktyor avval “Toy Story 4” animatsion filmida Duke Caboom obraziga ovoz bergan edi.
Hozircha film syujeti, qahramonlar va premyera sanasi oshkor qilinmagan. Biroq loyiha LEGO filmlarining avvalgi animatsion qismlaridan farqli ravishda yangi formatda taqdim etilishi kutilmoqda.
Agar muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, Kianu Rivz dunyodagi eng mashhur o‘yinchoq brendlaridan biri asosidagi yana bir yirik kino loyihasining yuziga aylanishi mumkin.



















