Gollivud yulduzi Zendaya Londonda bo‘lib o‘tgan “The Odyssey” filmi premyerasida namoyon bo‘lgan obrazi bilan moda olamining eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzularidan biriga aylandi. Aktrisa Schiaparelli moda uyi tomonidan yaratilgan 2026–2027 kuz-qish Haute Couture kolleksiyasiga mansub eksklyuziv libosni tanladi.
Libosning eng e’tiborga molik jihati shundaki, u o‘sha kunning o‘zida Parijdagi Haute Couture haftaligida ilk bor podiumda namoyish etilgan edi. Zendayaning stilisti Law Roach namoyishni oldingi qatordan kuzatib, libosni rekord darajada qisqa vaqt ichida Londonga yetkazishga muvaffaq bo‘lgan.
Obraz oq chinnini eslatuvchi silikon korset va kumush jilvali yubkadan iborat bo‘lib, uni Schiaparelli ijodiy direktori Daniel Roseberry yaratgan. G‘ayrioddiy dizayn, murakkab ishlov va nafis detallar moda ixlosmandlari hamda mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Moda kuzatuvchilari fikricha, Zendaya qizil yo‘lakda nafaqat yangi filmni, balki zamonaviy haute couture san’atini ham namoyish etdi. Shu sababli uning obrazi premyeraning eng yorqin va esda qolarli chiqishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.






