Yevropa Komissiyasi Google kompaniyasini 890 million yevro (taxminan 1 milliard AQSH dollari) miqdorida jarimaga tortdi. Bu kompaniyaga Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonun (Digital Markets Act — DMA) doirasida qo‘llangan ilk yirik moliyaviy jazo bo‘ldi.
Komissiya xulosasiga ko‘ra, Google qidiruv tizimida o‘zining servislariga ustunlik bergan hamda Google Play orqali ilova ishlab chiquvchilariga foydalanuvchilarni muqobil to‘lov usullariga yo‘naltirishga to‘sqinlik qilgan. Shu sababli kompaniyaga qidiruv tizimi bilan bog‘liq qoidabuzarliklar uchun 460 million yevro, ilovalar do‘koni bo‘yicha esa 430 million yevro jarima belgilandi.
Google ayblovlarga rozi emasligini bildirib, qaror ustidan shikoyat qilish niyatida ekanini ma’lum qildi. Kompaniya vakillarining fikricha, DMA talablari ayrim xizmatlar sifati va foydalanuvchilar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mutaxassislar ushbu qarorni Yevropa Ittifoqining yirik texnologik kompaniyalar ustidan nazoratni kuchaytirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadami sifatida baholamoqda. Agar Google belgilangan muddat ichida talablarni bajarmasa, kompaniyaga qo‘shimcha moliyaviy sanksiyalar qo‘llanishi ham mumkin.





