G‘aroyibKo‘ngilocharMadaniyat va dam olishSayohatTanlanganlarUmumiyYangiliklar

34 yoshli erkak Istanbuldan Irlandiyagacha yalangoyoq yurib, jahon rekordini o‘rnatdi

Irlandiyalik 34 yoshli Eamonn Kivini Istanbuldan o‘z vatani Irlandiyagacha 6 805,83 kilometr masofani yalangoyoq bosib o‘tib, Guinness rekordlar kitobiga kirdi. U qariyb bir yil davom etgan sayohat davomida oyoq kiyim kiymadi va shu tariqa eng uzoq masofaga yalangoyoq sayohat qilish bo‘yicha jahon rekordini qayta qo‘lga kiritdi.

369 kun davom etgan noodatiy sayohat

Kivini safarini 2025-yil 4-mart kuni Istanbuldan boshlagan. U Turkiyadan keyin Bolgariya, Ruminiya, Vengriya, Avstriya, Germaniya, Fransiya, Angliya va Uels orqali o‘tib, nihoyat Irlandiyadagi tug‘ilib o‘sgan shahri Klermorrisga yetib kelgan.

U manziliga 2026-yil 7-mart kuni, 369 kundan so‘ng yetib borgan. Umumiy masofa 6 805,83 kilometrni tashkil etgan. Bu masofa avvalgi rekorddan deyarli ikki baravar ko‘p.

Qizig‘i, Kivini uchun bu birinchi rekord emas. U 2016-yilda Irlandiya bo‘ylab 2 080,14 kilometrni yalangoyoq bosib o‘tib, xuddi shu rekordni ilk bor o‘rnatgan. 2023-yilda esa Irlandiyani bir g‘ildirakli velosipedda eng tez kesib o‘tish rekordini qayd etgan.

Oyoqlari qonaguncha yurishga to‘g‘ri kelgan

Bunday masofani oyoq kiyimsiz bosib o‘tish Kivini uchun jiddiy sinov bo‘lgan. U asfalt ustida uzoq yurish sabab oyoq kaftlaridagi teri yemirilib, ba’zan qonaganini aytgan.

Yo‘l davomida oyoqlariga tikanlar va mayda shisha bo‘laklari kirgan. Safar yakuniga yaqin tikan sabab oyog‘ida infeksiya paydo bo‘lib, u bir hafta davomida yurishni to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Shuningdek, marraga yetishiga bir hafta qolganda oyog‘ining barmog‘ini qattiq urib, kichik sinish jarohatini ham olgan.

Ob-havo ham alohida sinov bo‘lgan. Vengriyada yozgi jazirama sabab ayrim kunlari yurishni to‘xtatgan, keyinchalik esa qishning sovuq havosida yo‘lni davom ettirgan.

Turkiyada it tishlagan

Sayohatning dastlabki bosqichlarida Kivini Turkiyaning shimoli-g‘arbiy qismida it tishlagan. Quturishga qarshi emlanish zarurati tufayli uning rejasi taxminan bir haftaga kechikkan.

Shunga qaramay, aynan Turkiyada u safaridagi eng iliq xotiralardan birini orttirgan. It tishlaganidan keyin kichik bir shaharchaga yetib kelganida, mahalliy oila uni uyiga taklif qilib, ovqat va qahva bergan hamda kasalxonani topishiga yordam bergan.

Rekorddan tashqari xayriya loyihasi ham bo‘lgan

Kivini sayohatini shunchaki shaxsiy rekord uchun amalga oshirmagan. U yo‘l davomida yoshlarning ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlovchi Jigsaw tashkiloti va ekologik loyihalar bilan shug‘ullanuvchi Friends of the Earth Ireland uchun mablag‘ to‘plagan.

Safar yakuniga kelib, xayriya uchun yig‘ilgan mablag‘ 21 ming yevrodan oshgan.

Avvalgi rekordni deyarli ikki baravar yangiladi

Kivini qayd etgan 6 805,83 kilometrlik natija avvalgi rekord — polshalik Pavel Durakevichning 2024-yilda yalangoyoq bosib o‘tgan 3 409,75 kilometrlik masofasidan deyarli ikki baravar ko‘p.

Shu tariqa irlandiyalik sayohatchi “eng uzoq masofaga yalangoyoq sayohat” rekordini yana o‘z nomiga qaytardi. Guinness World Records uning natijasini 2026-yil sentyabrida rasman tan oldi.

Kivini hozircha yana bir rekord uchun yo‘lga chiqishni rejalashtirmayapti. Bir yildan ortiq davom etgan sayohatdan keyin u oyoqlarini tiklash bilan band. Biroq u kelajakdagi yangi sarguzashtlar ehtimolini ham butunlay inkor qilmagan.

Reaksinagiz qanday?

Tegishli Postlar

1 of 315

Javob qoldirish

Your email address will not be published. Required fields are marked *