Saudiya Arabistoni o‘zining ilk mahalliy avtomobil brendi — CEER tomonidan ishlab chiqilgan futuristik elektromobillarni namoyish etdi. Kompaniya bir vaqtning o‘zida sedan va SUV kuzovidagi ikkita yangi modelni taqdim qilgan.
EXOBOT nomini olgan avtomobillar tashqi ko‘rinishi bilan fantastik filmlardagi transport vositalarini eslatadi. Ularning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri yuqoriga ochiladigan maxsus eshiklari bo‘lib, avtomobillarda old va orqa eshiklar orasidagi odatiy markaziy ustun ham yo‘q.

Sedan to‘rt kishiga mo‘ljallangan. Salonida bir nechta raqamli ekranlar mavjud bo‘lib, avtomobillar 800 voltli elektr tizimi va sim orqali boshqariladigan rul mexanizmi bilan jihozlangan. Ayrim boshqaruv funksiyalari esa sensorli ekran o‘rniga an’anaviy tugmalar orqali amalga oshiriladi.
CEER 2022-yilda Saudiya Arabistoni davlat investitsiya jamg‘armasi (PIF) va Tayvanning Foxconn kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan. Kompaniya kelgusi besh yil ichida jami yetti xil model ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
EXOBOT sedan va SUV modellari Saudiya Arabistonida ishlab chiqariladi. Dastlabki avtomobillarni mamlakat bozorida 2027-yil boshida sotuvga chiqarish rejalashtirilgan.
CEER yangi avtomobillar orqali Saudiya Arabistonida avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish va iqtisodiyotni neftdan tashqari yo‘nalishlarda diversifikatsiya qilish maqsad qilgan. Kompaniya 2034-yilgacha minglab yangi ish o‘rinlari yaratishni ham rejalashtirmoqda.



















