Kanadalik olimlar COVID-19 dan keyin uzoq vaqt davomida charchoq, xotira susayishi va motivatsiya yo‘qolishi kuzatilishining mumkin bo‘lgan sabablaridan birini aniqladi. Tadqiqotga ko‘ra, postkovid sindromi bo‘lgan bemorlarning miyasida dofamin tizimi bilan bog‘liq nerv uchlari sog‘lom odamlarga nisbatan 16–20 foiz kamroq bo‘lgan.
Tadqiqot Toronto shahridagi Tobelik va ruhiy salomatlik markazi olimlari tomonidan o‘tkazilib, natijalari eBioMedicine jurnalida chop etilgan. Unda postkovid sindromi va sezilarli neyropsixiatrik alomatlari bo‘lgan 24 nafar bemor hamda ular bilan yoshi bir xil bo‘lgan 24 nafar sog‘lom ko‘ngilli ishtirok etgan.
Olimlar ishtirokchilarning miyasini pozitron-emission tomografiya (PET) yordamida tekshirgan. Ular dofaminni nerv hujayralarida saqlashda ishtirok etuvchi VMAT2 oqsilining miqdorini o‘lchagan. Natijada postkovid sindromi bo‘lgan bemorlarda miyaning harakat, motivatsiya va xotira bilan bog‘liq hududlarida ushbu marker miqdori 16–20 foizga kam ekani aniqlangan.
Nega dofamin muhim?
Dofamin — miyada ishlab chiqariladigan kimyoviy modda bo‘lib, motivatsiya, harakatlarni boshqarish va ayrim xotira jarayonlarida muhim rol o‘ynaydi. Uning faoliyatidagi o‘zgarishlar odamda charchoq, harakatlarning sekinlashishi va biror ishga qiziqishning pasayishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ayrim insonlarda ilgari zavq bag‘ishlagan mashg‘ulotlardan ham zavq ololmaslik kuzatiladi. Tibbiyotda bu holat anhedoniya deb ataladi.
Tadqiqot nimani isbotladi?
Olimlar natijalarni ehtiyotkorlik bilan talqin qilish kerakligini ta’kidlamoqda. Tadqiqotda atigi 48 kishi qatnashgan va bemorlar orasidan, ayniqsa, neyropsixiatrik alomatlari yaqqol namoyon bo‘lganlar tanlangan. Shu sababli natijalarni barcha COVID-19 bilan kasallangan insonlarga tatbiq etib bo‘lmaydi.
Tadqiqot dofamin tizimidagi o‘zgarishlar va postkovid alomatlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatadi, ammo bu o‘zgarishlarga bevosita koronavirus sabab bo‘lganini uzil-kesil isbotlamaydi.
Mutaxassislar kelgusida dofamin tizimiga ta’sir qiluvchi dorilar postkovid sindromining ayrim alomatlarini yengillashtira olishini o‘rganishni rejalashtirmoqda. Biroq bunday davolash usullarining samaradorligi hali qo‘shimcha klinik tadqiqotlarda tasdiqlanishi kerak.



















