BAA vitse-prezidenti va Dubay hukmdori Shayx Muhammad bin Rashid Al Maktum mamlakatdagi eng yuqori natija qayd etgan sakkiz nafar 12-sinf bitiruvchisini 100 ming dirham (taxminan 27 ming AQSH dollari) miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirladi. Taqdirlash marosimi Dubaydagi Coca-Cola Arenada bo‘lib o‘tdi.
Mukofot mamlakat bo‘ylab eng yuqori akademik natijalarga erishgan o‘quvchilarni rag‘batlantirish maqsadida topshirildi. Tashabbus BAAda ta’lim sifati va yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga qaratilgan.
Marosim davomida Shayx Muhammad yoshlarni bilim olishdan to‘xtamaslikka, o‘z ustida ishlash va mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, kelajakni aynan bugungi iqtidorli yoshlar barpo etadi.
BAAda so‘nggi yillarda ta’lim tizimini rivojlantirish va iste’dodli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday mukofotlar esa nafaqat bitiruvchilarni rag‘batlantirish, balki boshqa yoshlarni ham yuqori natijalarga intilishga undashga xizmat qilmoqda.





