Ozarbayjonlik mashhur xonanda Nahide Babashli muxlislari bilan quvonchli yangilikni bo‘lishdi. San’atkor ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali turkiyalik fitnes murabbiyi Halim Baydur bilan rasmiy nikohdan o‘tganini ma’lum qildi.
Xonanda nikoh marosimidan olingan surat va videolarni Instagram sahifasida e’lon qilgan. Kadrlarda Nahide Babashli oq libosda, turmush o‘rtog‘i bilan birga baxtiyor lahzalarni nishonlayotgani aks etgan. Muxlislar va hamkasblari izohlarda unga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘llashdi.
Marosim davomida muxlislar e’tiborini tortgan jihatlardan biri xonandaning o‘ng qo‘li gipslangan holda bo‘lgani bo‘ldi. Nahide buning sababini izohlar ekan, nikohdan bir kun avval barmog‘i yengil jarohat olgani uchun shifokorlar gips qo‘yganini aytdi.
Hozircha to‘y tantanasi qachon va qayerda o‘tkazilishi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Shunga qaramay, xonandaning nikoh haqidagi xabari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, uning muxlislari yangi hayot bosqichi bilan qizg‘in tabriklamoqda.






