Rejissyor Kristofer Nolanning yangi epik kartinasi — “Odisseya” (The Odyssey) jahon prokatidagi muvaffaqiyatli yurishini davom ettirmoqda. Film namoyishining dastlabki ikki haftasi yakuniga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 640 million dollar kassalik daromad to‘pladi.
Ikkinchi hafta oxirining o‘zida kartina xalqaro prokatda 215,3 million dollar ishlab topdi. Daromad ilk hafta bilan taqqoslaganda biroz kamaygan bo‘lsa-da, film Shimoliy Amerika va xalqaro prokatda yetakchilikni saqlab qoldi. Tahlilchilarga ko‘ra, bunday barqaror natijalar filmning yaqin haftalarda 1 milliard dollarlik marrani zabt etish imkoniyatini oshirmoqda.
Taxminan 250 million dollar byudjet evaziga suratga olingan “Odisseya” Nolan faoliyatidagi eng qimmat loyihaga aylandi. Kartina qadimgi yunon shoiri Gomerning mashhur dostoni asosida ishlangan bo‘lib, bosh qahramon Odissey rolini Mett Deymon ijro etgan. Film, shuningdek, to‘liq IMAX 70 mm kameralarida suratga olingan ilk yirik blokbaster sifatida ham tarixga kirdi.
Tanqidchilar va tomoshabinlarning iliq munosabati, shuningdek IMAX seanslariga bo‘lgan yuqori talab filmning uzoq muddat prokatda muvaffaqiyat qozonishiga xizmat qilmoqda. Mutaxassislar “Odisseya” 2026-yilning eng daromadli filmlaridan biriga aylanishi mumkinligini ta’kidlamoqda.






