Dunyoning eng mashhur animatsion loyihalaridan biri bo‘lgan “Qizaloq va Maymoq” multfilmidagi Ayiqning deyarli biror marta ham gapirmasligi ko‘plab tomoshabinlarni qiziqtirib keladi. Ma’lum bo‘lishicha, bu tasodif emas, balki mualliflarning ongli ijodiy qarori hisoblanadi.
Multfilm ijodkorlari Ayiqni har qanday mamlakat tomoshabini so‘zsiz ham tushuna oladigan qahramonga aylantirishni maqsad qilgan. Shu sabab u o‘z hissiyotlarini mimika, imo-ishoralar va harakatlari orqali ifodalaydi. Bu usul multfilmning turli tillarga oson moslashishiga va uning butun dunyoda ommalashishiga xizmat qilgan.
Yana bir muhim jihat shundaki, Ayiq sobiq sirk artisti va hayotiy tajribaga ega, vazmin qahramon sifatida tasvirlanadi. U bolalarga nasihatlarni so‘z bilan emas, balki o‘z xatti-harakatlari va sabr-toqati orqali yetkazadi. Masha esa aksincha, tinib-tinchimas va qiziquvchan qizaloq bo‘lgani uchun hikoyadagi asosiy dialoglar uning atrofida qurilgan.
Mutaxassislar fikricha, aynan Ayiqning sukut saqlashi qahramonni yanada samimiy va esda qolarli qilgan. U bolalar uchun mehribon ota yoki ustoz timsolini ifodalab, hatto biror og‘iz so‘z aytmasdan ham tomoshabinga his-tuyg‘ularini yetkaza oladi. Shu jihat “Qizaloq va Maymoq”ni boshqa animatsion seriallardan ajratib turadigan eng muhim xususiyatlardan biri hisoblanadi.






