O‘zbekiston xalq artisti Dilnoza Kubayeva familiyasi qanday paydo bo‘lgani haqida so‘zlab berdi. Ma’lum bo‘lishicha, aktrisaning familiyasi dastlab boshqacha bo‘lishi kerak edi.
Aktrisaning aytishicha, qadimda farzandlarga ota-onaning orzu-niyatini ifodalovchi ismlar qo‘yish odati bo‘lgan. Masalan, farzandlari sog‘-salomat ulg‘ayishini istagan oilalar “Tursin”, o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganlar esa “O‘g‘iloy” kabi ismlarni tanlashgan.
Dilnoza Kubayevaning bobosi oilasida ham shunday voqea yuz bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bobosining ko‘plab aka-uka va opa-singillari tug‘ilganidan keyin yashab qolmagan. Shu sababli bobosi dunyoga kelganida, ota-onasi uning avlodi ko‘payishini niyat qilib, unga Ko‘paysin deb ism qo‘yishgan.
Biroq tug‘ilganlik haqidagi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida ism noto‘g‘ri yozilib, “Kubay” shakliga o‘zgarib ketgan. Keyinchalik shu ism asosida familiya ham “Kubayeva” bo‘lib qolgan.
Aktrisaning ta’kidlashicha, aslida uning familiyasi Ko‘paysinova bo‘lishi kerak edi. Shu tariqa, bugungi kunda ko‘pchilikka tanish bo‘lgan “Kubayeva” familiyasi oilaviy tarix va o‘tmishdagi hujjatlashtirish jarayoni bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi.



















