Madaniyat va dam olishUmumiyYangiliklar

“To‘y bo‘ladi, bundan juda ko‘p narsa kutyapmiz”: Javohir Sindorovning bobosi Bibisora Assaubayeva bilan munosabatlari haqida gapirdi

O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorovning bobosi Komil Sindorov nevarasi va qozog‘istonlik grossmeyster Bibisora Assaubayeva o‘rtasidagi munosabatlar hamda kelajakdagi to‘y haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. U yoshlarning munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindorov bu haqda “Qarorgoh” podkastida so‘z yuritdi. Uning aytishicha, Javohir va Bibisora bolaligidan ko‘plab musobaqalarda birga qatnashgan, vaqt o‘tishi bilan ularning do‘stligi muhabbatga aylangan.

Komil Sindorov avvaliga bu munosabatlar yoshlikdagi qiziqish bo‘lishi mumkinligini ham o‘ylaganini, biroq yoshlar bir necha yildan beri bir-birini tanib, munosabatlarini davom ettirib kelayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, ikki shaxmatchining oila qurishi O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlarini yanada yaqinlashtirishi mumkin.

“Ular bir necha yildan beri munosabatlarini davom ettirib kelyapti. Do‘stona munosabatlar asta-sekin muhabbatga aylandi. Hozir Javohir uchun buni o‘ylaydigan vaqt emas. U Jahon shaxmat tojini O‘zbekistonga olib kelsa, albatta, bu masalani muhokama qilamiz. To‘y bo‘ladi, bundan juda ko‘p narsa kutyapmiz”, — dedi u.

Komil Sindorov, shuningdek, Bibisoraning shaxmat olamini yaxshi tushunishi Javohir uchun muhim ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, shaxmatchilar yilning katta qismini xalqaro musobaqalarda o‘tkazadi, shu sababli turmush o‘rtog‘ining ham bu hayot tarzini tushunishi muhim.

U oilasi yoshlarning qarorini hurmat qilishini va agar ular turmush qurishga qaror qilsa, oq fotiha berishga tayyor ekanini bildirdi.

Ma’lumot uchun, Javohir Sindorov 2026-yilgi Nomzodlar turnirida g‘olib bo‘lib, jahon chempionligi uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritgan. U noyabr–dekabr oylarida Jenevada amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi bahs olib borishi rejalashtirilgan.

Reaksinagiz qanday?

Tegishli Postlar

1 of 310

Javob qoldirish

Your email address will not be published. Required fields are marked *