O‘zbek aktrisasi Nargiza Abdullayeva farzandlari haqidagi qiziqarli va kutilmagan ma’lumotlarni oshkor qildi.
Aktrisa “Mening oshxonam” loyihasida mehmon bo‘lib, shaxsiy hayoti haqida samimiy fikrlarini bildirdi. Uning aytishicha, farzandlari onlayn hayotga deyarli qiziqmaydi va hatto onasining avvalgi ijodiy faoliyatidan ham to‘liq xabardor emas.
“Farzandlarim mening eski rollarimni ko‘rmagan, qaysi filmlarda o‘ynaganimni ham bilishmaydi. Hozirgi ishlarimni ko‘rishadi, xolos”, — deydi aktrisa.
Shuningdek, u yana bir e’tiborli jihatni ham aytib o‘tdi: farzandlarining maktabdagi tengdoshlari ham uzoq vaqt davomida ularni mashhur aktrisaning farzandi ekanini bilmagan.
Abdullayeva ta’kidlashicha, uning farzandlari o‘zlarini kimningdir farzandi sifatida emas, balki mustaqil shaxs sifatida tanitishni istaydi.
“Ular ‘o‘zimiz uchun o‘zimiz javob beramiz’ deydi. Ortiqcha e’tibor istashmaydi”, — deya qo‘shimcha qilgan u.
Bundan tashqari, aktrisa farzandlarining omma e’tiboridan chetda bo‘lishni afzal ko‘rishini ham aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto videolarga tushishdan ham bosh tortadigan paytlari bo‘ladi.
Mazkur intervyu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, muxlislar tomonidan iliq qarshi olindi.



















