Afsonaviy multfilm qahramonlari — Tom va Jerri yana katta ekranlarga qaytmoqda. Mashhur duet haqidagi yangi film muxlislar uchun taqdim etilishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, yangi film “Tom and Jerry: Forbidden Compass” nomi bilan chiqadi. Syujetga ko‘ra, Tom va Jerri Nyu-Yorkdagi muzeyda navbatdagi quvlashuv paytida sirli kompasni ishga tushirib yuboradi va natijada vaqt portali ochilib, ular noma’lum qadimiy shaharga tushib qoladi.
Yangi muhitda ular turli xavf-xatarlar bilan yuzma-yuz keladi: Jerri jinoyatchilar guruhiga duch keladi, Tom esa ilohiy elchi deb qabul qilinadi. Oxir-oqibat, ular omon qolish uchun birlashishga majbur bo‘ladi.
Film 2025-yilda ayrim mamlakatlarda namoyish etilgan bo‘lsa, 2026-yil 9-sentabr kuni kengroq kinoteatrlarda chiqishi rejalashtirilgan.



















